Bolalar bogʻchasiga borishning boshlanishi: bolani respirator infeksiyalar yuqishi xavfining ortishiga qanday tayyorlash va immunitetini mustahkamlash mumkin

Qisqa bayoni

Burunning shilliq qavati organizmni respirator infeksiyalar keltirib chiqaradigan koʻplab viruslar va bakteriyalardan himoya qiluvchi birinchi toʻsiq hisoblanadi. Virusli respirator va oshqozon-ichak infeksiyalari keng tarqaladigan kuz-qish davrida, ayniqsa, bolalar guruh boʻlib toʻplanadigan bogʻchalar kabi muassasalarda yuqumli kasalliklarning qoʻzgʻatuvchilari bilan toʻqnashish xavfi yuqori boʻladi.

Biz bolalar bogʻchasidan uyga kelganda quyidagilarni oʻz ichiga olgan oddiy kun tartibini joriy etishni tavsiya qilamiz:

  • Qoʻllarni yuvish
  • Burunni dengiz suvining izotonik eritmasi bilan chayish
  • Bolaning bogʻchaga kiygan kiyimini almashtirish va, iloji boricha, uni dushda choʻmiltirish

Dengiz suvining izotonik eritmalaridan qanday holatlarda foydalaniladi?

Burunning shilliq qavatini har kuni dengiz suvining izotonik eritmasi bilan namlantirish burundagi ajratmalarning suyulishiga koʻmaklashadi, bu esa shilliq qavatga ulardan samaraliroq xalos boʻlish imkonini beradi. Bolaning emishi va uxlashini osonlashtiradi hamda oʻrta quloq yalligʻlanishining oldini olishga yordamlashadi.

Dengiz suvining gipertonik eritmalaridan qanday holatlarda foydalaniladi?

Infeksiyaning dastlabki belgilari namoyon boʻlganida yoki burundan ajratmalar quyuqlashganida yoki rangini oʻzgartirganida dengiz suvining gipertonik eritmalaridan foydalanish tavsiya etiladi. Ular osmotik mexanizmi tufayli burun shilliq qavatidagi shishni kamaytirishga va ajratmalarni suyultirishga yordam beradi, bu esa ularning burundan chiqarib tashlanishini yengillashtiradi. Shuningdek, bu yalligʻlanishning tarqalish xavfini pasaytiradi va shilliq qavatga oʻzining tabiiy himoya funksiyasini samaraliroq bajarish imkonini beradi.

Muallif: Diana Puževski, tibbiyot doktori, pediatr shifokor

Bolaning bogʻchaga bora boshlashi uning rivojlanishi va emotsional shakllanishidagi muhim bosqich sifatida

Bolaning bogʻchaga bora boshlashi yosh oila hayotidagi muhim hodisa va bola rivojlanishidagi jiddiy bosqich hisoblanadi. Bolalar bogʻchasiga borish borasidagi muvaffaqiyatli tajriba bolaning ham, ota-onaning ham bunga qay darajada yaxshi tayyorgarlik koʻrganiga bogʻliq. Ota-ona butun moslashish davri davomida har kuni toʻqnash kelinadigan qiyinchiliklarni sabr-toqat va izchillik bilan yengib oʻtishga tayyor turishi zarur.

Bogʻchadagi mashgʻulotlar tufayli bolalar oʻz tengdoshlari bilan muloqot qilishni, mustaqil boʻlishni oʻrganishadi, emotsional intellektni rivojlashtirishadi, gigiyena va ovqatlanish borasida sogʻlom odatlarni shakllantirishadi hamda tuzilmalashtirilgan oʻquv dasturlari yordamida oʻz ta’lim yoʻllarining keyingi bosqichlariga tayyorgarlik koʻrishadi.

Bularning barchasi rivojlanish uchun qimmatli tajriba ekaniga qaramasdan, bolalar bogʻchasiga borish sogʻliq bilan bogʻliq qator muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Ota-onadan ajralishning oʻzi bolada ham, ota-onada ham stressga olib kelishi mumkin, biroq bunday stressni ota-ona tomonidan tegishli sa’y-harakatlar boʻlganida sezilarli darajada kamaytirsa boʻladi, xususan:

  • Xayrlashuvlarni qisqa va ijobiy hodisaga aylantirish
  • Doimiy kun tartibiga rioya qilish
  • Butun moslashish davrida bolaga koʻmaklashish va uning harakatlarini ma’qullash.

Bolalar bogʻchasiga borishning dastlabki yilida kasalliklar qay darajada koʻp uchraydi?

Virusli respirator va oshqozon-ichak infeksiyalari bilan kasallanish holatlari avjiga chiqadigan kuz-qish davrida bolalar bogʻchalari yuqumli kasalliklar manbaiga aylanadi. Bogʻchaga boradigan bolalar har 7-14 kunda, ba’zida esa undan ham tez-tez ilk bor yangi virus yoki viruslarga duch kelishadi.

Burundan muntazam ravishda oqadigan ajratmalar va shilimshiq moddaning tomoqqa, soʻngra traxeya va bronxlarga oqishi himoya yoʻtalini keltirib chiqarishi mumkin. Bunday yoʻtal bola yotganida yoki uxlaganida yanada kuchayadi, chunki bu holatda shilimshiq moddaning yutilish ehtimoli kam, nafas yoʻllarini ta’sirlantirish ehtimoli esa yuqori boʻladi.

Bolaning immun tizimi bogʻchada qanday rivojlanadi?

Bola dunyoga kelganida, uning tugʻma immuniteti har safar patogenlarga uchrab rivojlanishda davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, immun tizimi asta-sekinlik bilan mustahkamlanadi va ular bilan oʻzaro aloqalar jarayonida takomillashadi.

Bolalar bogʻchasiga boradigan kichkintoylar odatda oyda ikki-uch marta kasal boʻladi, bu dastlabki uch oy ichida ular taxminan oltita kasallikni boshidan kechirishi mumkinligini anglatadi. Immun tizimi yetilishiga qarab, infeksiyalarga chalinish holatlari odatda yiliga olti-toʻqqiz martagacha kamayadi.

Agar infeksiyaga chalinish holatlari kutilganidan koʻra koʻproq yuz bersa, yoki noodatiy tarzda ogʻir kechsa, bolani qoʻshimcha ravishda koʻrikdan oʻtkazish tavsiya etilishi mumkin.

Infeksiyaga chalinish holatlarining soniga bolaning rivojlanish bilan bogʻliq xulqining oʻziga xos xususiyatlari ham ta’sir koʻrsatadi. Kichkintoylar atrofdagi olamni buyumlarga teginib oʻrganadi, koʻpincha oʻyinchoqlar va boshqa buyumlarni ogʻziga oladi, umumiy yuzalarga aksiradi, burni va koʻzlarini ishqalaydi – bularning barchasi infeksiyalarning tarqalishiga turtki boʻladi.

Odatda, uch yoshgacha boʻlgan bolalar burnini samarali burun qoqish koʻnikmasini hali egallab ulgurmagan boʻladi. Ota-onalar koʻpincha ularga burun gigiyenasini saqlashda yordam berishga majbur, shu bilan birga bu bolalarni ushbu muhim koʻnikmani iloji boricha ertaroq egallashga ragʻbatlantiradi.

Burun shilliq qavati – viruslar va bakteriyalarga qarshi birinchi himoya chizigʻi

Shilimshiq modda kiprikchalar deb ataluvchi mayda tuksimon tuzilmalar bilan birga mukosiliar klirens deb nomlanuvchi tabiiy himoya mexanizmini hosil qiladi. Mazkur jarayon patogenlarni, jumladan viruslar va bakteriyalarni nafas yoʻllari shilliq qavatining yuzasidan chiqarib tashlashga yordam beradi.

Mukosiliar klirens samarali ishlashi uchun bolalar namlik yetarlicha boʻlgan va qulay haroratga ega xonalarda boʻlishi kerak. Haddan tashqari issiq va quruq xonalarda burun shilliq qavati suvsizlanishi mumkin, kiprikchalar esa oʻzining samarali harakatini sekinlashtirishi yoki butunlay toʻxtatishi mumkin. Natijada shilimshiq modda toʻplanib qoladi, bu esa shamollash yoki yuqori nafas yoʻllari infeksiyasi alomatlarining paydo boʻlishiga olib keladi.

Xonalarni tez-tez shamollatish, xonada pastroq haroratni ushlab turish, ochiq havoda koʻproq vaqtni oʻtkazish va jismoniy faollikni ragʻbatlantirish – bularning barchasi burun shilliq qavati normal faoliyatining saqlanishiga yordam beradi va shamollash kasalliklari xavfini kamaytirishi mumkin.

Bolalarda dengiz suvining izotonik eritmasini qachon qoʻllash mumkin?

Dengiz suvining izotonik eritmalaridan har kuni foydalanish burun shilliq qavatining namlanishiga, mukosiliar tozalanishning yaxshilanishiga hamda respirator infeksiyalar va ular bilan bogʻliq asoratlarning profilaktikasiga koʻmaklashadi. Bu foydali xususiyatlar dengiz suvining tabiiy tarkibi bilan shartlangan boʻlib, unda nafas yoʻllari shilliq qavati epiteliysining tiklanishiga, shilimshiq modda yelimshakligining kamayishiga va uning oson ajralishiga yordam beradigan magniy, kalsiy, kaliy va bikarbonat ionlari mavjud.

Aynan shu sababli burunni kundalik parvarish qilish uchun koʻp hollarda oddiy fiziologik eritmalardan koʻra dengiz suvining eritmalari afzalroq hisoblanadi.

Biz bolalar bogʻchasidan uyga kelganda quyidagilarni oʻz ichiga olgan oddiy kun tartibini joriy etishni tavsiya qilamiz:

  • Qoʻllarni yuvish
  • Burunni dengiz suvining izotonik eritmasi bilan chayish
  • Bolaning bogʻchaga kiygan kiyimini almashtirish va, iloji boricha, uni dushda choʻmiltirish

Dengiz suvining gipertonik eritmasidan qachon foydalanish mumkin?

Agar bola bogʻchadan uyga kelgach, unda shamollash yoki burun bitishining dastlabki belgilari paydo boʻlsa, dengiz suvining gipertonik eritmasidan foydalanish tavsiya etiladi. Tuz konsentrasiyasining yuqoriligi tufayli gipertonik eritma burun shilliq qavatidagi shishni kamaytirishga yordam beradi va toʻplanib qolgan shilimshiq moddaning chiqarilishini osonlashtiradi.

Bu nafas olishni yengillashtiradi, nafas yoʻllarining oʻtkazuvchanligini yaxshilaydi va quloq infeksiyalari kabi asoratlar xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Burun bitishini bartaraf etuvchi vositalardan foydalanganda, odatda, ularni qoʻllash besh kun bilan cheklanishi lozimligini yodda tutish muhim. Agar burun bitishi mazkur muddat oʻtganidan keyin ham saqlanib qolsa, davolashni dengiz suvining gipertonik eritmasi bilan davom ettirish tavsiya etiladi.

Tez-tez kasallanish, uyqusiz tunlar, muntazam ravishda ishdan qolish va atrofdagilarning ahvolni tushunmasligiga duch keladigan ota-onalarning hissiyotlarini tushunish mumkin.

Farzandingizning immun tizimi samaraliroq ishlashi uchun nimalar qilish mumkin?

Bola organizmining tabiiy himoya mexanizmlari samaraliroq ishlashi uchun optimal sharoit yaratishning bir nechta amaliy usuli mavjud, ular infeksiyalar sonini kamaytirishi yoki kasalliklarning yengilroq kechishiga yordam berishi mumkin:

  • Xilma-xil va muvozanatlashtirilgan ovqatlanishni ta’minlang.
  • Ob-havo sharoitidan qat’i nazar, ochiq havoda kundalik jismoniy faollikni ragʻbatlantiring. Yomon ob-havo boʻlmaydi, faqat mos kelmaydigan kiyim va poyabzal boʻlishi mumkin.
  • Farzandingiz toʻyib uxlashini va toʻlaqonli dam olishini ta’minlang, uxlashga yotishning doimiy tartibiga, shu jumladan dam olish kunlari ham rioya qiling.
  • Bolani passiv kashandalikdan asrashga harakat qiling. Passiv kashandalikka duch keladigan bolalarda respiratorli infeksiyalar ikki-uch baravar koʻproq uchraydi.
  • Kasal bolani toʻliq sogʻaymagunicha bolalar bogʻchasiga yubormang.
  • Farzandingiz milliy emlash taqvimiga muvofiq toʻliq vaksinasiya kursidan oʻtganiga ishonch hosil qiling.

Bola qachon bolalar bogʻchasiga BORMASLIGI kerak

  • Isitma
  • Qusish yoki ich ketish
  • Koʻzlardan ajratmalar kelishi
  • Toshma bilan kechadigan isitma
  • Umumiy ahvolning yomonligi (holsizlik, darmonsizlik, kuch-quvvatning yoʻqligi)

Bola qachon bolalar bogʻchasiga BORISHI MUMKIN

  • Tana haroratini tushiruvchi dori vositalari qabul qilinmaganida isitmaning 24 soatdan ortiq vaqt davomida yoʻqligi
  • Isitma boʻlmaganida, ishtaha yaxshi va uyqu normal boʻlganida, shamollashning sezilarsiz alomatlari
  • Qusish yoki ich ketishning oxirgi xurujidan keyin kamida 24 soat oʻtgan boʻlishi
  • Yoʻtal bor, lekin bolada isitma yoʻq, ishtaha va uyqu tartibi normal saqlangan

Bolalar bogʻchasiga boradigan bolani qanday holatlarda pediatrga koʻrsatish kerak?

Quyidagi holatlarda bolani koʻrikdan oʻtkazish tavsiya etiladi:

  • Agar harorat uch kundan ortiq saqlansa
  • Uxlashga yoki ovqatlanishga xalaqit beradigan doimiy, toliqtiruvchi yoʻtalda
  • Agar nafas olish qiyinlashsa yoki odatdagidan tashqari tezlashsa
  • Qusish va ich ketishda, bola suyuqlik yoʻqotishda davom etsa va suvsizlanish alomatlari kuzatilsa (taglikning quruqligi, holsizlik, ogʻizdan aseton hidi kelishi)
  • Agar harorat kasallikning birinchi kunidan toshma bilan kechsa
  • Agar xulq-atvorda sezilarli oʻzgarish kuzatilsa, masalan, haddan tashqari mudrash, holsizlik yoki ongdagi chalkashliklar

Soʻnggi eslatma

Burun shilliq qavati nafas yoʻllari infeksiyalarini keltirib chiqaruvchi viruslar va bakteriyalarning aksariyatiga qarshi birinchi himoya chizigʻi hisoblanadi.

DENGIZ SUVINING IZOTONIK ERITMALARIDAN QANDAY HOLATLARDA FOYDALANILADI?

Burunning shilliq qavatini har kuni dengiz suvining izotonik eritmasi bilan namlantirish burundagi ajratmalarning suyulishiga koʻmaklashadi, bu esa shilliq qavatga ulardan samaraliroq xalos boʻlish imkonini beradi. Bolaning emishi va uxlashini osonlashtiradi hamda oʻrta quloq yalligʻlanishining oldini olishga yordamlashadi.

DENGIZ SUVINING GIPERTONIK ERITMALARIDAN QANDAY HOLATLARDA FOYDALANILADI?

Infeksiyaning dastlabki belgilarida yoki burundan ajratmalar quyuqlashganida yoki rangini oʻzgartirganida, dengiz suvining gipertonik eritmalaridan foydalanish tavsiya etiladi. Ular osmotik mexanizmi tufayli burun shilliq qavatidagi shishni kamaytirishga va ajratmalarni suyultirishga yordam beradi, bu esa ularning burundan chiqarib tashlanishini yengillashtiradi. Shuningdek, bu yalligʻlanishning tarqalish xavfini pasaytiradi va shilliq qavatga oʻzining tabiiy himoya funksiyasini samaraliroq bajarish imkonini beradi.

 

Agar boshqasi koʻrsatilmagan boʻlsa, ushbu maqolada taqdim etilgan ma’lumot muallifning professional bilimlari va/yoki klinik tajribasiga asoslangan. Ushbu maqola faqat ta’lim maqsadlariga moʻljallangan boʻlib, unga tibbiy tavsiya sifatida qaralmasligi kerak. Uning mazmuni malakali tibbiy xodim tomonidan beriladigan tavsiyalar, tashxislar yoki davolash rejalarining oʻrnini bosmaydi.

AQM-PSM-0226-003